BARANOVSKIY YEVGENIY NIKOLAYEVICH

BARANOVSKIY YEVGENIY NIKOLAYEVICH [1907.15 (28). 3, Orenburg – 1981.5.9, Moskva] — balet artisti, baletmeyster. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1955). Dastlab tsirkda akrobatlik qilgan. 1929 — 39 yillarda Toshkent opera va balet teatrida raqqos, ayni vaqtda E. Obuxovadan mumtoz raqs, usta olim Komilov, M. Turg’unboyevadan o’zbek raqsini o’rgangan. 1939 — 48 yillarda Navoiy teatri baletmeysteri. Baranovskiy O’zbek Davlat filarmoniyasi (1949 — 56) va Muqimiy teatrida (1956 — 68) bosh baletmeyster. Bir qancha balet va musiqali dramalar raqslarini sahnalashtirgan. Uning «Baliqchi», «Oq oltin», «Mirzacho’l», «Paxtakor» kabi estrada raqslari xam mashhur. 1939 — 43 yillar M. Turg’unboyeva bilan hamkorlikda «Paxta», «Xorazm raqsi», «Askarlar», «Tanavor» kabi raqslarni yaratgan.