BARIBAL

BARIBAL, Amerika qora ayig’i (Ursus americanus) — yirtqichlar turkumining ayiqlar oilasiga mansub hayvon. Tanasining o’rtacha uzunligi 1,75, bo’yi 1 metrga yaqin, og’irligi 150 kilogrammgacha. Juni odatda qora, tumshug’ining uchki qismi ochiq sarg’ish bo’ladi. Shim. Amerika o’rmonlarida yashaydi. Asosan o’simliklar bilan oziqlanadi, ba’zan uy hayvonlari va yovvoyi hayvonlarga ham hujum qiladi. Qishda uyquga ketadi. Urg’ochilari yanvar — fevralda 2 — 3 ta bola tug’adi. Sport ovi ob’yekti hisoblanadi. Ko’p joylarda qirilib ketgan, faqat AQSh ning milliy bog’lari va qo’riqxonalarida ko’proq saqlanib qolgan.