BARIY NITRAT

BARIY NITRAT, bariyli selitra, Ba(NO3)2 — nitrat kislotaning bariyli tuzi, kubik panjarali rangsiz kristall modda. Suyuqlanish temperaturasi 595°, zichligi 3240 kg/m3. Suvda eruvchanligi: 100 g da 5 g (0°da), 9,2 g (20° da), 34,2 g (100° da). Spirtda va kontsentrlangan nitrat kislotada erimaydi. Ishqoriy metallar nitratlari, ammoniy nitrat va bariy bromid bilan evtektik aralashmalar, kobalt va strontsiy nitratlar bilan qattiq eritmalar hosil qiladi. 595° dan yuqori temperatuada bariy nitritga aylanib, 670° atrofida bariy oksidgacha ajraladi. Tabiatda nitrobarit minerali holida uchraydi. Bariy nitrat bariy sulfid yoki bariy karbonatga nitrat kislota, shuningdek almashinish reaktsiyalaridan foydalanib bariy xlorid, bariy gidroksid yoki bariy sulfidga kaltsiy, ammoniy, kaliy yoki natriy nitratlar ta’sir ettirib olinadi. Bariy oksid va bariy peroksid olishda, emal va sirlarning komponenti sifatida hamda yashil Bengal olovlari tayyorlashda qo’llaniladi.