BARNAUL

BARNAUL – Rossiya Federatsiyasidagi shahar (1771 yildan), Oltoy o’lkasining ma’muriy markazi. Ob daryosining chap sohilidagi pristan. Temir yo’l tuguni. Aholisi 606,5 ming kishi (1999). 19-asrning 2-yarmida savdo markazi bo’lgan. Oltoy o’lkasida ishlab chiqariladigan sanoat mahsulotining qariyb yarmi Barnaulga to’g’ri keladi. Mashinasozlik, yengil va kimyo sanoatining markazi. Energetika mashinasozligi rivojlangan. Motor, mexanik presslar, transport mashinasozligi zavodlari, ip gazlama, melanj kombinatlari, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari korxonalari bor. 6 oliy o’quv yurti, shu jumladan Oltoy universiteti, 4 teatr, o’lkashunoslik muzeyi, tasviriy va amaliy san’at muzeyi mavjud. Barnaulga 1730 yilda asos solingan.