BAROGRAF

BAROGRAF (Baro… va Yunoncha grapho — yozaman) — atmosfera bosimini uzluksiz qayd qilish uchun mo’ljallangan asbob. Ishlash tarziga qarab, aneroidli va simobli xillarga bo’linadi. Amalda aneroidli Barograf ko’proq ishlatiladi. Uning qabul qiluvchisi bir-biriga mahkamlangan aneroid qutilaridan iborat. Atmosfera bosimi o’zgarganda qutilar qisiladi yoki cho’ziladi, natijada ularning qopqoqlari ko’tariladi yoki pasayadi va shunda Pero darajalarga bo’lingan lentaga muayyan chiziqlarni chizadi. Shu tariqa atmosfera bosimi qayd qilib boriladi. Juda sezgir Barograf mikrobarograf deb ataladi. Meteorologiya stansiyalarida, samolyot va aerostatlarda ishlatiladi.