BAROKAMERA
BAROKAMERA — barometrik bosimni sun’iy ravishda o’zgartirishga imkon beruvchi germetik kamera. Past bosimli (vakuumli), yuqori bosimli (kompression), muqim (stasionar) va ko’chma turlari bo’ladi. Eng ko’p tarqalgan turi past bosimli Barokamera; unda bosimni atmosfera bosimidan boshlab mm sim. ust. ulushlarigacha (1 mm sim. ust.=133,322 n/m2) o’zgartirish mumkin. Barokamera hajmi m3 ulushlaridan bir necha yuz m3 gacha. Past bosimli Barokameradan kosmik tibbiyotda yer atmosferasining yuqori qatlamlarida yuz beradigan turli hodisalarning inson va hayvonlar organizmiga ta’sirini o’rganishda, balandlik mashqlarini o’tkazishda, kosmosda ishlatiladigan jihoz va asboblarni sinashda foydalaniladi. Ichki temperaturani o’zgartirsa bo’ladigan Barokamera termobarokamera deyiladi.