BAROQGOM QAL’ASI

BAROQGOM QAL’ASI – Qoraqalpog’istondagi Oqchadaryo mansabining shimoldagi qal’a xarobasi (4 — 5 – asrlar). S. P. Tolstov rahbarligidagi Xorazm arxeologiya etnografiya ekspeditsiyasi tekshirgan (1945 — 46, 1949, 1956). Baroqgom qal’asi ikki qavatli qasr (18×17 metr) va hovli (100×100 metr) dan iborat. Hovli markazidagi qasr binosi xom g’isht va paxsadan qurilgan. Ikkala qavatda ham bir nechtadan xona joylashgan. Ikkinchi qavatga pandus (ko’tarma yo’l) orqali chiqilgan. Ikkinchi qavatidagi hashamatli xona (8,10×7,60 metr) da tokchalar va keng supalar bo’lgan. Supalar sathidan rangdor jun gilam qoldiqlari topilgan. Xona o’rtasida xom g’ishtdan ishlangan to’rtburchak tarxli otashgoh bo’lgan. Baroqgom qal’asidan sopol idish (xumcha, ko’zacha va boshqalar) larning bo’laklari, manqal topilgan.