BAROQXON MADRASASI

BAROQXON MADRASASI – Toshkentda qurilgan madrasa (1531/32 — 16-asr 2-yarmi). Hovli atrofida hujralar va ichki tarafida peshtoq bo’lib, madrasaning g’arbiy qismi birmuncha oldinga chiqqan. Poydevori toshdan, qalin devorlari turli hajmdagi pishiq g’ishtdan ishlangan. Ba’zi joylari sinchli. Baroqxon madrasasi o’rnida dastlab 2 (katta va kichik) maqbara bo’lgan. Kichik maqbarada Baroqxon qabri bor. Uning to’rt tomonidagi eshiklaridan uchtasi keyinroq berkitib tashlangan (qolgan eshikdan zina bilan tomga chiqilgan). 1904 yilda masjidga aylantirilgan katta maqbarada Toshkent hokimi Suyunchxo’ja qabri joylashgan. Baroqxon ikki maqbarani o’z ichiga olgan Madrasa qurdirgan. Madrasaning Sharq tomonidagi ulkan peshtoqqa rang-barang sirkor g’ishtchalardan namoyon terilgan. U handasiy va girih naqshlar bilan hoshiyalangan. Peshtoqning yuqori qismi saqlanmagan. Asosiy peshtoqning orqa tomonida yana peshtoq va besh qirrali ravoq bor. G’arb tomondagi ichki peshtoq ko’k gumbazning tarkibiy qismi bo’lgan. Baroqxon madrasasining to’rt burchagida cho’ziq xona (qorixona)lar bo’lgan. Bino shakli va bezaklari o’z holicha qolgan. Uning 22 metrli gumbazi ko’k sirkor g’ishtchalar bilan pardozlangan (gumbaz 1868 yilgi zilzila paytida qulab tushgan). Gumbaz ostidagi 4,5 metrli poygumbazga turli rangdagi sirkor g’ishtchalardan handasiy va girih naqshlar terib yaratilgan, Qur’on suralari bitilgan. Maqbara ichki qismidagi bezaklar keyinchalik ko’chib tushgan. Ichki devorning tepa qismida ganchdan ishlangan naqshlar bo’lib, ularga oltin suvi yugurtirilgan, pastki qismida olti burchakli sopollardan terilgan keng izora bor (ular yashil sirkor, zarhalli g’ishtchalar bilan ajratilgan). 20-asr boshlaridagi ta’mir vaqtida qadimgi bezaklarning qoldig’i ko’chirib tashlanib, oq ganch bilan suvalgan. Baroqxon madrasasi naqshlarining go’zalligi, qurilish uslubi jihatidan Samarqandning eng yaxshi me’moriy yodgorliklari (15-asr ikkinchi yarmidagi oq saroy va Ishratxona) ga yaqinlashadi. 1946, 1949, 1951, 1967 yillarda ta’mir ishlari olib borilgan. Baroqxon madrasasida O’zbekiston Musulmonlari idorasi joylashgan.