BAROTERAPIYA
BAROTERAPIYA (Baro… va terapiya) — davolash maqsadida yuqori yoki past (odatdagiga nisbatan) havo bosimidan foydalanish. Umumiy Baroterapiya barokamerada o’tkazilib, unga bir yoki bir necha bemor joylashtiriladi va unda kislorod, havo yoki boshqa kislorodi bor gazli aralashmaning oshirilgan yoki pasaytirilgan bosimi vujudga keltiriladi. Nafas yetishmovchiligi, yurak-tomir kasalliklari, gangrena, shok, ko’p qon yo’qotish, shuningdek miyaga qon quyilishi yoki uning tomirlarida havo pufakchalarining turib qolishi, is gazidan zaharlanish va boshqa holatlarda Baroterapiyadan foydalaniladi. Havo bosimi oshirilgan umumiy Baroterapiya gavvoslarda kesson kasalligini davolashda qo’llaniladi. Havo bosimi pasaytirilgan Baroterapiya ko’kyo’tal, bronxial astma va tashqi nafasning qiyinlashuvi bilan kechadigan kasalliklarda qo’llaniladi. Gipertoniya, yurakning ishemik kasalligi va hazm yo’llaridagi ayrim kasalliklarning boshlang’ich shakllarini davolashda biatrondagi umumiy Baroterapiya qo’llaniladi. To’qimalarning kislorodga to’yinishini oshirish infektsiya qo’zg’atuvchisiga halokatli ta’sir ko’rsatadi, chunki u kislorodsiz sharoitda yaxshi ko’payadi. Bunday davoni qo’llash anaerob infeksiyadan o’lishni ancha kamaytiradi va ko’pincha zararlangan sohani saqlab qolish imkonini beradi. O’zbekiston Respublikasidagi ko’pgina davolash muassasalarida Baroterapiya keng qo’llaniladi, buning uchun ular maxsus barokameralar bilan jihozlangan. Davo maqsadida Baroterapiyadan foydalanish mumkinligini vrach belgilaydi. Asosan davolash muassasalarida yetarli tayyorgarlikdan o’tgan mutaxassis vrachlargina Baroterapiya bilan shug’ullanadi.