BARQUQ

BARQUQ (? – 1399) – cherkas mamluklaridan bo’lgan Misr sultoni. Barquqning otasi Islomni qabul qilgan edi. Qrimda Barquqni bir musulmon sotib olib Misrga yuborgan, u yerda 1364 yil Amir Elbug’oga sotgan. Amir Barquqning qobiliyatli bola ekanligini payqab unga maxsus tarbiya bergan, so’ngra Amir unvonini bergan. Sulton Al-Malik alashraf davrida Barquq Sulton bolalarining tarbiyachisi bo’lgan. U Sulton vafotidan so’ng taxtni zo’rlik bilan egallab olgan va Sulton Al-Malik az-Zohir nomini olgan. Biroq tez orada Barquq zindonga tashlangan. Uning o’rniga taxtga Hoji Xalifa o’tirgan. Lekin yangi Sulton bilan Suriya hokimlari o’rtasida ixtilof paydo bo’lgach, xalq yana Barquqdan taxtga o’tirishni so’ragan. Mana shu paytda Sohibqiron Amir Temur Barquq huzuriga elchilarini yuborib undan tobe bo’lishni talab qilgan, biroq Barquq elchilarni qatl etib, Boyazid I bilan ittifoqchilik shartnomasi tuzgan va urushga tayyorgarlik ko’ra boshlagan. Biroq, Amir Temurning Hindistonga safari tufayli Barquq bilan urushishga to’g’ri kelmadi. Barquq o’z hukmdorligining ikkinchi yarmida Misrda tinchlik, osoyishtalik o’rnatgan, moliya ishini yaxshilagan, dehqonchilik rivojlangan, ilm-fan taraqqiy qilgan.