BASKLAR MAMLAKATI

BASKLAR MAMLAKATI (Baskoniya; Baskcha — Euskadi) — Ispaniyaning Muxtor tarixiy viloyati. Atlantika okeanining Biskay qo’ltig’i yonida. Maydoni 7,3 ming kilometr kvadrat. Aholisi 2,1 million kishi (1992), aksariyati Basklar. Ma’muriy markazi — Viktoriya shahri. Biskay, Gipuskoa va Alava provintsiyalarini o’z ichiga oladi. Miloddan avvalgi 1-asr — milodiy 5-asr o’rtalarigacha Basklar egallagan hudud. Rimga faqat nomigagina qaram bo’lgan. Pireneya yarim orolida vestgot va arablar hukmronligi davrida ham Basklar mustaqil, erkin bo’lib qolgan; Rekonkista tayanchi bo’lgan. 11 — 15-asrlarda Basklar mamlakati Navarra va Kastiliya hukmronligi ostida, 15-asr oxiri va 16-asrlarda Ispaniya davlati tarkibiga kirgan va 1876 yilgacha ma’lum darajada o’z muxtoriyatini saqlab qolgan. 1936 yilda Muxtor rayon maqomini oldi va Basklar mamlakati deb nomlandi. 1939 yilda Basklar mamlakati muxtoriyati bekor qilindi. 1978 yilgi Konstitutsiyaga binoan vaqtincha, 1980 yil yanvardan yana doimiy muxtoriyatga erishdi. Tabiati. Basklar mamlakati Kantabriya tog’larining (mutlaq balandligi 1000 — 1500 metr) Sharqiy qismida. Sohil qismi tepaliklardan iborat. Iqlimi mo’adil dengiz iqlimi, yillik yog’in 1200 millimetr. Daryolari (Urumea, Deva va Nervon) qisqa va sersuv, Biskay qo’ltig’iga quyiladi. Tog’yon bag’irlarida dub, qora qayin, kashtan o’sadi. Xo’jaligi. Basklar mamlakati Ispaniyaning iqtisodiy jihatdan rivojlangan viloyati. Qo’rg’oshin, rux va temir rudasi, kaolin va marmar kabi foydali qazilmalari mavjud. Qora metallurgiya sanoati rivojlangan. Turli xil mashinasozlik: lokomotivsozlik, kemasozlik, stanoksozlik sanoati korxonalari bor. Basklar mamlakati — Ispaniyaning elektrotexnika uskunalari ishlab chikaradigan asosiy rayoni, kimyo (kokskimyo), tsement, qog’oz, baliq konserva sanoatlari ham taraqqiy qilgan. Sanoat korxonalari asosan dengiz bo’yida (ayniqsa Bilbao shahri va uning atrofida, San-Sebastyan, Eyvar shaharlarida) joylashgan. Dengiz bo’yi rayonlari go’sht-sut yetishtirishga ixtisoslashgan, ichki rayonlarida ko’proq dehqonchilik qilinadi. Tokchilik va vinochilik rivojlangan. Dengizdan baliq ovlanadi.