BASRA
BASRA (Arabcha Bassora) — Iroqning Janubi-sharqidagi shahar, Basra Livi (viloyati) ning ma’muriy markazi. Fors qo’ltig’idan 90 kilometr ichkarida, Iroqning Shatt ul-Arab daryosi sohilidagi eng katta porti, sohil bo’ylab 27 kilometrga cho’zilgan. Aholisi 617 ming kishi (1985). Shahar 637 yoki 638 yilda xalifa Umar davrida (634 — 644) qurilgan. 8-9-asrlarda xalifalikning madaniy va iqtisodiy markazi bo’lgan. Shahar 10-asrda baridi feodallari, buvayhiylar (947), 11-asrdan Saljuqiylar hukmronligida bo’lgan. 1258 yil mo’g’ullar qo’liga o’tdi, 1534 yilda Usmonlilar saltanatiga qo’shib olindi. 1914 yil noyabrda Angliya qo’shinlari Basrani bosib oldi. 1-jahon urushi davrida Britaniyaga qaram bo’lgan Iroq davlati tarkibida bo’ldi. Mamlakat tashqi savdo muomalasining deyarli hammasi Basra orqali bo’ladi. Basra muhim temir yo’l va avtomobil yo’llari tuguni. Xalqaro aeroport va elektrostantsiya bor. Mamlakatning neft qazib olish va qayta ishlash markazi. Kimyo, to’qimachilik, tsellyuloza-qog’oz, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Hunarmandchilik rivojlangan. Xurmo quritish va uni chetga chiqarish bilan mashhur. Kanal va ko’priklari ko’pligidan Basrani «Sharq Venetsiyasi» deb ham ataydilar. Universitet bor. Qadimgi Basra xarobalari saqlangan.