BATISKAF

BATISKAF (Yunoncha bathus — chuqur va skaphos — kema) — chuqur suv ostida okeanografik va boshqa tadqiqotlar olib borish uchun mo’ljallangan o’zi yurar apparat. Suvdan engil suyuqlik (benzin) to’ldirilgan korpus va po’lat shar (gondola) dan iborat. Korpusida ballastli sisternalar va akkumulyatorlar batareyasi bor. Gondolasida Batiskaf ekipaji (1 — 3 kishi), boshqarish apparatlari, havo almashtirish tizimi, radiostantsiya, ultra tovushtelefoni, televizionkamera va ilmiy tadqiqot asboblari bo’ladi. Tashqarisiga yoritqichlar va eshkak vintli elektr dvigatellar o’rnatiladi. Zamonaviy Batiskaflar grunt namunasini oladigan qurilmalar, fotoapparatura va suv osti ishlarini bajarish uchun masofadan turib boshqarish manipulyatorlari bilan jihozlanadi. Qattiq ballast (odatda, po’lat pitralar) ni tashlab yuborish va manevr tsisternasidan benzinni to’kish yo’li bilan Batiskafning suzuvchanligi rostlanadi. Dastlabki Batiskaf (FNRS-2) ni Shveytsariya olimi O. Pikkar 1948 yilda yasab, sinab ko’rgan. O. Pikkar o’g’li Jak bilan 1953 yilda «Triest» Batiskafida 3160 metr chuqurlikka tushgan. J. Pikkar va D. Uolsh 1960 yilda takomillashtirilgan «Triest» Batiskafida tinch okeandagi Mariana botig’ining eng chuqur (taxminan 11 ming metr) joyiga tushishgan.