BATON-RUJ
BATON-RUJ – AQSh Janubidagi shahar. Luiziana shtatining ma’muriy markazi. Aholisi 220 ming kishi (1990). Missisipi daryosining quyi oqimidagi okean kemalari kira oladigan port. Neftni qayta ishlash va neft kimyosi (sintetik kauchuk, turli organik ximikatlar, mineral o’g’itlar), rangli metallurgiya sanoatining yirik markazi. Alyuminiy oksidi (glinozyom) tayyorlanadi. Shahar atrofidagi konlardan neft, gaz, oltingugurt qazib olinadi. Qishloq xo’jalik va o’rmon mahsulotlari qayta ishlanadi. Universitetlar bor. Shaharga 1719 yilda asos solingan.