BATUT

BATUT (batud) (Fransuzcha batoude, italyancha battuta, aynan — zarba) — to’rtburchak shaklli, atrofi po’lat prujinalar yoki rezinalar bilan mahkam tortilgan «sim krovat» ga o’xshash sakrashga mo’ljallangan anjom. Undan akrobatlar, suvga sakrovchilar, gimnastlar foydalanadi. Batutning uzunligi 5 metr, eni 1,5 metr, poldan balandligi 1,2 metr. Batutda sakrash (yakka va sinxron juftlik) — sport turi. AQShda kelib chiqqan. Xalqaro federatsiyaga 1964 yil asos solingan, 40 ga yaqin mamlakat a’zo (1991). 1964 yildan jahon birinchiligi o’tkazib kelinadi. O’zbekistonga Batutda sakrash (trampolin) yangi sport turi sifatida 1972 yil kirib kelgan. 1984 yil Toshkentdagi 3-bolalar va o’smirlar sport maktabida ilk bor Batut bo’limi ochildi. T. Miroqilov Batutdan birinchi sport ustasi bo’ldi (1981). O’zbekistonlik D. Polyarush o’smirlar o’rtasida Yevropa chempionatining oltin medalini qo’lga kiritdi (1987). Yana besh marta shu qita birinchiligi g’olibi bo’ldi. 1990 yil Germaniyada bo’lgan jahon chempionatida 2 oltin va 1 kumush medal oldi, 1997 yil esa Kanadada ikkinchi marta jahon kubogini qo’lga kiritdi. Sportning ana shu turida erishgan muvaffaqiyatlari uchun D. Polyarush xizmat ko’rsatgan sport ustasi, N. Jixareva (N. Aydinova) «O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan trener» unvoniga sazovor bo’lgan (1991).