BAX

BAX (Bach) Iogann Sebastyan (1685.21.3, Eyzenax – 1750.28.7, Leypsig) — buyuk nemis kompozitori, mashhur organ ijrochisi, barokko davri hamda polifoniya uslubining yirik namoyandasi. Bax ijodida oldingi davr musiqa janr yo’nalishlari (shu jumladan, xor polifoniyasi, protestant xorali, organ musiqasi, italyan operasi, klavesin va klavir musiqasi) umumlashtirilib, o’z badiiy yakunini topgan. Bax musiqasida polifoniya yunalishlari bilan gomofoniya tizimlari o’zaro qorishib yagona uslub vujudga keltirgan. Bax merosiga mingdan ziyod asarlar kiradi, ular asosan organ musiqasi, klavir, skripka va boshqa cholg’ular uchun asarlar hamda vokal, vocal-dramatik janrlari va boshqalar. Bax ijodida organ muhim o’rin tutadi. U organning yangi imkoniyatlarini ochib berdi, organ prelyudiyasi, fantaziya, tokkata kabi janrlarini fuga bilan birlashtirdi. Organ uchun yozilgan «Prelyudiya va fuga c-moll», «fantaziya C-dur», «Tokkata va fuga», «Passakalya» va boshqa asarlari jahon musiqasi xazinasidan o’rin olgan. Bax birinchi bo’lib klavir uchun kontsert asarlarini yaratib, yangi uslub kashf etdi (syuitalar, «xromatik fantaziya va fuga», «italyanka kontsert» va boshqalar). Klavir musiqasi sohasida yangi «teng tovush qatorli» tizimning afzalliklarini «Yaxshi temperasiyalashgan klavir» to’plami misolida namoyish qildi. Vokal, vokal-dramatik musiqa janrlarida Baxning 300 ga yaqin diniy kantata, xoral va oratoriyalari («Ioann bo’yicha ehtiroslar», «Matvey bo’yicha ehtiroslar», «H-moll katta messasi», «Magni-fikat» va boshqalar) alohida o’rin tutadi. Bularning mavzulari Injil kitobidan olingan bo’lib, mazmunida insoniylik, hayotdan zavqlanish, yuksak go’zallikka intilish, shodu xurramlik bilan dard-alam hissiyotlari o’z aksini topgan. Ad.: Shveytser A., I. S. Bax, M., 1964; Druskin M., Passivnu I. S. Baxa, L., 1972.