BAXSHI
BAXSHI (mo’g’ulcha va buryatcha baxsha, bag’sha — ustod, ma’rifatchi; sanskritcha Bhikshu — qalandar, darvesh) — 1) xalq dostonchisi. Qo’shiq va dostonlarni yoddan kuylovchi, aytuvchi, avloddan avlodga yetkazuvchi san’atkor. Baxshi so’zi ba’zan shaman ma’nosida ham qo’llanadi. Dostonchilarni esa yuzboshi, soqi, sannovchi, jirov deb ataydilar. Baxshilar, asosan, ikki toifaga — ijrochi va ijodkor Baxshilarga bo’linadi. Ijrochi Baxshilar, asosan, ustozidan o’rgangan dostonlarni juz’iy o’zgarishlar bilan aynan kuylasalar, ijodkor Baxshilar og’zaki epik an’ana asosida dostonning o’z variantlari, hatto ular asosida yangi dostonlar ham yaratadilar. Bunday Baxshilar shoir deb ham yuritiladi. Masalan, Ergash shoir, Fozil shoir, Po’lkan shoir, Abdulla shoir, Xidir shoir va boshqalar. Baxshi doston va qo’shiqlarni qo’biz, do’mbira, dutor kabi sozlar jo’rligida kuylaydi. Xorazm Baxshilari dostonlarni asosan, dutor, qisman tor bilan ijro etadilar, ularga g’ijjak va bo’lamonda sozchilar jo’r bo’ladilar. Doston kuylash, shogird yetishtirishda qatiy tartib, qonun qoidalarga rioya qilingan; 2) mo’g’ullar istilosi davrida budda dinidagi qalandarlarni, uyg’ur alifbosi asosida turli hujjatlar tuzuvchi idora xodimlarini, mo’g’ullarda jarrohlarni. Chig’atoy ulusi, Oltino’rda, Qozon va Qrim xonliklarida kotiblarni, Boburiylar davlatidagi harbiy qismlarning hisobkitob ishlarini olib boruvchi va ularga maosh to’lovchi yirik amaldorlarni, Buxoro xonligida ma’muriy binolar qurishda mablag’ (sarf-xarajat) hisobini olib boruvchi kishilarni, turkmanlarda urut oqsoqollarini ham Baxshi deb atashgan.