«Baxt qushi» bormi? G’arb xalqlarining «baxt qushining ortidan tushib», degan iborasi «baxt qidirib» degan ma’noni tashiydi. Rossiyada baxt qushi timsoli XX asr boshlarida belgiyalik yozuvchi M. Meterlinkning «baxt qushi» («Sinyaya ptisa») pyesasi sharofati bilan ma’lum va mashhur bo’ldi. Baxt qushi go’zallik timsoli, etib bo’lmaydigan orzuga aylandi. Yetib bo’lmasligiga tabiatda baxt qushining umuman mavjud emasligi sababchidir. Adolat yuzasidan aytishimiz joizki, G’arbiy Yevropa xalqlarida uning nomi rangi bilan bog’liq emas, shuning uchun ham Meterlink ruslar nazarda tutadigan ko’k (uni bizda ko’k kaptar deydi) qush borligini bilmagan. Ammo aynan shunday nom bilan yuritiluvchi qush bor. U qorayaloqlar oilasining chumchuqlar guruhiga mansub bo’lib, Janubiy va O’rta Osiyoda, Himolay va Tangritog’da yashaydi. U qorayaloqqa o’xshaydi, ammo dumi va oyoqlari uzun. Tanasining uzunligi 35 santimetr keladi, patlari ko’kdan ko’ra tovlanuvchan to’q siyoh rang binafsha tusda. Ko’k kaptarlar kuzda asosan na’matak, do’lana, yovvoyi uzum, tut urug’i va mevalari bilan ovqatlanadi. Yilning boshqa vaqtlarida lichinka, mollyuska va hasharotlarni yeydi. Ko’k kaptarlar tog’lar darasini, ko’llar, daryolar va ariqlar bo’yida yashashni ma’qul ko’radi. Ular cho’milishni nihoyatda xush ko’radi, suvdan chiqqach, boshqa parrandalar singari o’zlarini silkitmaydi, patlari quriguncha toshlar ustida yuradi. Qushlarning har bir jufti o’z darasiga ega bo’ladi, shu yerdan uya o’yadi, uyasiga yumshoq ildizlar, mox to’shaydi va unga begonalarning yaqin kelmasligi uchun ziyraklik bilan kuzatadi. Nafaqat begonalarni, balki o’z bolalarini ham boshqa daradan joy topishi uchun quvib yuboradi.