BAYDARKA VA KANOEDA ESHKAK ESHISH
BAYDARKA VA KANOEDA ESHKAK ESHISH — sport turi, poygalar va slalomdan iborat. Baydarka va kanoeda eshkak eshish musobaqalari 19-asrning 60-yillarida Yevropaning ko’pgina mamlakatlarida eshkakchilar klublari paydo bo’lgandan so’ng boshlandi va avval baydarkalarda, keyin kanoeda sport poygalari o’tkaziladigan bo’ldi. Xalqaro kanoe federatsiyasi (IKF, 1946 yil tashkil topgan) 54 milliy federatsiyani birlashtiradi (1991). 1936 yildan Baydarka va kanoeda eshkak eshish Olimpiya o’yinlari dasturiga kiritilgan, 1938 yildan jahon chempionatlari o’tkaziladi. Baydarkalardagi musobaqalar ayollar va erkaklar o’rtasida, kanoeda esa — faqat erkaklar o’rtasida bo’ladi. Baydarkalar bir kishilik, ikki kishilik va to’rt kishilik, kanoe — bir kishilik va ikki kishilik. 1972 yildan baydarka va kanoeda slalom musobaqalari Olimpiada musobaqalari dasturiga tajriba tariqasida kiritilgan. O’zbekistonda bu sport turi havaskorlari 50-yillardan suv havzalari, anhor va daryolarda mashq qilib, musobaqalarda qatnasha boshladilar. O’zbekiston terma jamoasi 1996 yilgi 26 yozgi Olimpiya o’yinlarida va ayniqsa 1997 yilgi Osiyo birinchiligida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Sokchasiti (Janubiy Koreya) shahrida bo’lgan qit’a chempionatida 12 oltin, 11 kumush, 9 bronza medali qo’lga kiritilib, birinchi o’rin egallandi. Jamoa muvaffaqiyatiga xalqaro sport ustalari aka-uka S. va V. Shoislomovlar (kanoe), D. Kovalenko (kanoe), T. Levina, I. Lyalina, A. Shpiganovich, I. Isakova (baydarka) katta hissa qo’shishdi. O’zbekiston Baydarka va kanoeda eshkak eshish jamoasi 13-Osiyo o’yinlari (Bangkok, 1998) chempioni nomini ham oldi, Baydarka va kanoeda eshkak eshish bo’yicha asosiy sport bazalari Toshkent dengizi, Chorvoq suv ombori, Samarqand eshkak eshuvchilar kanalidadir.