BAZALT
BAZALT (lotincha basaltes, Yunoncha basanos — sinov toshi) — magmatik tog’ jinsi. Rangi bo’z va qoramtir. Sof og’irligi. 2,5 — 3. Tarkibi asosan plagioklaz (Labrador) dan iborat; shuningdek piroksenlar, olivin hamda magnetit, titanit, apatit va hokazolar ham bo’ladi. Kimyoviy tarkibi uning chuqurlikdagi analogi bo’lgan gabbroga yaqin. Vulkan shishasi donador kristallar oraliqlarini to’ldirib turadi. To’la kristallangan Bazaltlar dolerit deyiladi. Bazaltning okean tubida paydo bo’lgan, temir va magniyga boy turi okeanit, tektonik yoriqlardan quruklikka oqib chiqib qotib qolgan turi esa platobazalt deyiladi. Bazalt okean tubi va quruqlikda juda kata maydonni egallagan. Hozirgi vulkanlardan ham bazaltli lavalar oqib chiqadi. Tarkibida qaysi mineral borligiga qarab analtsimli Bazalt, leytsitli Bazalt, nefelinli Bazalt, magnetitli Bazalt, gayuinli Bazalt, apatitli Bazalt va hokazolar deb ataladi. Bazalt kislotaga chidamli kimyoviy asboblar, quvurlar, elektroizolyatorlar yasashda, toshdan quyma buyumlar ishlab chiqarishda hamda qurilishda qoplama bezak materiallari sifatida ishlatiladi. Yaxshi silliqlanishi tufayli juda qadimdan haykaltaroshlikda Misr, Assuriya, Rim, Vizantiya, Armaniston va boshqa joylarda qo’llanilib kelingan. Kamchatka, Zabaykale, Armaniston, Ukrainada va O’zbekistonning Qurama, Turkiston, Tomdi tog’lari (paleozoy qatlamlari) da bor.