Begor

Begor (hindcha)-o’rta asrlarda O’rta Osiyo va O’rta Sharqda (Eronda VIII asrdan, O’rta Osiyo, Hindiston va Afg’onistonda esa X asrdan) mavjud bo’lgan majburiyat. Mehnatkash xalq xon va mahalliy hukmdorlar tarafidan davlat hamda zamindorlarning turli qurilishlari (qal’a, saroy, yo’l qurilishlari, kanal va ariqlar qazish va boshqalar)da tekinga ishlab berishga majbur qilingan. Masalan, Abdullaxon II ning maxsus farmoni bilan mashhur Jo’yboriy xojalardan Xoja Sa’dning yerlariga Vaxshdan suv chiqarish uchun ariq qazishga Hisor, Dehinav, Qabodiyon va Shahrisabzdan 10 ming kishi safarbar qilingan. Begor XVIII-XIX asrlarda ham bo’lgan. Begorni barshchinaning bir shakli deyish mumkin.