BEHBUDIY MAHMUDXO’JA

BEHBUDIY MAHMUDXO’JA (1875,? Samarqand—1919.25.3, Qarshi)— dramaturg, publitsist, din va jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri. Yassaviy avlodidan. 18 yoshidan qozixonada mirzalik qiladi, qozi, mufti darajasiga ko’tariladi. Behbudiy haj safarida bo’lgan chog’ida Arabiston, Misr, Turkiyani kezib chiqqan (1899-1900). Sayohat davomida yangi maktab (usuli jadid) ochish fikri mustahkamlanib bordi. Samarqand yakinidagi Halvoyi qishlog’ida Ajziy, Rajabaminda Abdulqodir Shakuriylar bilan hamkorlikda yangi maktab ochadi. Behbudiy Qozon va Ufaga borib (190304), u yerdagi yangi usul maktablari bilan tanishadi, tatar ziyolilari bilan aloqani yo’lga qo’yadi. Yangi maktablar uchun darsliklar tuzishga kirishadi. «Risolai asbobi savod» («Savod chiqarish kitobi», 1904), «Risolai jug’rofiyai umroniy» («Aholi geografiyasiga kirish», 1905), «Muntaxabi jug’rofiyai umumiy» («Qisqacha umumiy geografiya», 1906), «Kitobat ulatfol» («Bolalar xati», 1908), «Amaliyoti Islom» (1908), «Tarixi Islom» (1909) kabi kitoblar chop ettiradi. Keyinchalik (1908 yilda) Shakuriyning Rajabamindagi maktabini Samarqanddagi o’z hovlisiga qo’chirib keltiradi. Behbudiy 1911 yilda «Padarkush» dramasini yozdi. Bu birinchi o’zbek dramasi edi. 3 parda 4 manzarali bu asar mazmunan sodda bo’lib, o’qimagan, johil va nodon bolaning o’z otasini o’ldirgani haqida edi. Behbudiy bu asar janrini «Milliy fojia» deb atagan. Nashr qilishga chor tsenzurasi yo’l qo’ymaydi. «Borodino jangi va Rusiyaning frantsuzlar bosqinidan xalos bo’lishining 100 yillik yubileyi sanasiga bag’ishlanadi» degan vaj bilan Tiflis (Tbilisi) tsenzurasidan o’tkazadi. Drama 1913 yil bosilib chiqqan, ammo sahnaga qo’yish uchun yana bir yilcha vaqt ketadi. Asar Samarqandda 1914 yil 25 yanvarda sahnaga qo’yildi. Drama xalqqa kuchli ta’sir ko’rsatadi. Abdulla Qodiriy «Baxtsiz kuyov» dramasini shuning ta’sirida yozgani ma’lum. «Padarkush» ham janr, ham mazmuniga ko’ra yangi uzbek adabiyotini boshlab bergan asar bo’ldi. Drama Toshkentda 1914 yil 27 fevralda Avloniy tomonidan qayta sahnalashtiriladi. Behbudiy 1914 yilda «Samarqand» gazetasini chiqaradi. Gazeta uzbek va tojik tillarida, haftada 2 marta chop etildi. 45-soni chiqqach, moddiy tanqislik tufayli nashr to’xtadi. Shu yil 20 avgdan u «oyna» jurnali chiqara boshladi. Haftalik, suratli bu jur. asosan o’zbekcha bo’lib, she’r, maqola (forscha), e’lonlar (ruscha) ham berib boriddi. Jurnal Kavkaz, Tatariston, Eron, Afg’oniston, Hindiston, Turkiyagacha tarqaldi. Behbudiy kitob nashrini ham yo’lga qo’yadi. Fitratning «Bayonoti sayyohi hindi»sini ruschaga tarjima qildirib bostirdi (1913). Behbudiy 1914 yil 29 mayda ikkinchi marta Arab mamlakatlariga sayohatga chiqadi. Sayohati davomida Bayramali, Ashxobod, Krasnovodsk, Kislovodsk, Pyatigorsk, Jeleznovodsk, Rostov, Odessa sh.larida bo’ladi, 8 iyunda Istanbulga keladi. Undan Adrnaga o’tib, yana Istanbulga qaytadi va 20 iyunda Ismoilbek Gasprinskiy bilan uchrashadi. So’ng Quddus, Bayrut, Yofa, Xalil ar-Rahmon, Portsaid, Shom shaharlarida bo’ladi. Sayohat xotiralari «Oyna» jurnalida bosilib turadi. Bu «Xotiralar» har jihatdan muhim bo’lib, an’anaviy tarixmemuar janrining 20-asr boshidagi o’ziga xos namunasi edi. Muallif unda yo’l taassurotlariga, kishilar bilan uchrashuvlarining ibratli tomonlariga keng o’rin beradi. Qaysi shaharga bormasin, uning tarixi, obidalari, u yerdan chiqqan buyuk zotlar haqida ma’lumotlar to’playdi. Turli-tuman millatlar, ularning urf-udumlari, turmush madaniyati bilan qiziqadi. Ayniqsa, din, e’tiqod masalalariga katta ahamiyat beradi. «Oyna» jurnalida millat va uning haqhuquqiga, tarixiga, til va adabiyot masalalariga, dunyo ahvoliga doir qiziqarli maqolalar, bahslar berib borilgan. Behbudiy millatning taraqqiysi uchun bir necha til bilishni shart hisobladi. Jurnalning birinchi sonidayoq «Ikki emas, to’rt til lozim», degan maqola bilan chiqib, o’zbek, tojik, arab, rus va hatto biror uzoq xorij (masalan, frantsuz) tilini bilish shart deb hisobladi. Ayni paytda tilning muhofazasi («har millat o’z tili ila faxr etar» -1914, № 35), o’zaro munosabatlari («til masalasi» — 1915, №11,12) haqida muhim va zarur maqolalar chop etdi. Adabiy tanqidga katta e’tibor berdi. Uning xususiyatlarini belgilashga urindi. Boshqa adabiy janrlar bilan teng huquqligi masalasini ko’tardi («tanqid saralamoqdir» — 1914, № 27). Millat sha’nini oyoqosti qiluvchi fikr qarashlarga zarba berib, Turkiston xalqini o’z nomi bilan atamoq lozimligini talab qilib chiqdi («sart so’zi majhuldur» 1915, № 22,23,25,26). Behbudiy matbuotimiz tarixida maqolanavis sifatida alohida mavqega ega. Uning hozircha aniqlangan maqolalarining soni 300 ga yetadi. Ular xilma-xil mavzuda. Ilk maqolalaridayoq kommunistik mafkurani keskin rad etgan, «Xayoliy», «Bu toifaga qo’shulmoq biz, musulmonlar uchun nihoyatda zararlik» deb yozgan edi («Xayrulumuriavsatuho» — «Ishlarning yaxshisi o’rtachasidir», «Xurshid» gazetasi 1906, 6-son). O’zlikni anglashni muhim biladi. «Kabilasini(ng) ismini va yetti otasining otini bilmaydurgonlarni «qulq «marquq» derlar», deb yozadi («Sart so’zi majhuldur», «Oyna» jurnali, 1914, № 23). 1917 yilning oxiri 1918 yilning boshlarida jadidlar qurgan ilk demokratik davlatchilik namunasi Turkiston muxtoriyatining taqdiri hal bo’layotgan bir paytda o’lka xalqlarini birlikka chaqiradi. Behbudiy ijtimoiy-siyosiy ishlarga qizg’in qo’shildi. Aslida bu faoliyat 1906 yildan boshlangan. Shu yili «Rusiya musulmonlari Ittifoqi»ning Nijniy Novgorodsa o’tkazilgan qurultoyida qatnashgan edi. Toshkentda bo’lib o’tgan (1917) Turkiston musulmonlarining qurultoyida ishtirok etib, nutq so’zladi. U musulmonlar orasidagi har qanday ixtilofga qarshi chiqdi. Behbudiy shu qurultoyda o’lka musulmonlar sho’rosining raisi etib saylandi. 1917 yil 26 noyabrda Qo’qonda o’lka musulmonlarining 4-favqulodda qurultoyi ish boshladi. 27 noyabega o’tar kechasi «Turkiston muxtoriyati» e’lon qilindi. Uning g’oyaviy asoschilaridan biri Behbudiy edi. Muxtoriyat sho’rolar tomonidan vahshiyona bostirildi. Behbudiy may oyining boshlarida Samarqandga qaytadi. U yerda ko’p tura olmay Toshkentga keladi. Turkiston sho’rolar hukumati rahbarlari bilan muzokara olib borishga urinadi, ammo natija chiqmaydi. 1919 yilning erta bahorida mamlakatdan chiqib ketayotganida Shahrisabzda inqilobiy favqulodda komissiya ayg’oqchilari ko’magida Buxoro amirligi odamlari tomonidan qo’lga olinadi, hamrohlari Muhammadqul va Mardonqul bilan birgalikda Qarshida zindonga tashlanadi va qatl qilinadi. Bu voqea Samarqandda bir yildan keyin ma’lum bo’ladi. Fitrat, Cho’lpon, Ayniy va boshqa shoirlar Behbudiyga atab marsiyalar yozganlar. O’zbekistonda (H. Sayd, N. Avazov, Z. Axrorova), Tojikistonda (R. Xodizoda), Germaniyada (I. Baldauf; B. Qosimov bilan hamkorlikda), AQShda (E. Olvort) va boshqa mamlakatlarda Behbudiy hayoti va ijodi bo’yicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Toshkent shahrida ko’cha va maktabga Behbudiy nomi qo’yilgan. As: tanlangan asarlar, T., 1997. Ad.: Alieyv A., Mahmudxo’ja Behbudiy, T., 1994; Qosimov B., Maslakdoshlar, T., 1994. Begali Qosimov.