BEKKARIA

BEKKARIA (Beccaria) Chezare (1738.15.3, Milan – 1794.28.11) –italyan ma’rifatparvar adibi, huquq doktori (1758). Sudlarning qonunga asoslanmay turib, aybdorga jazo tayin etilishiga, ayblanuvchilarni qiynoqqa solib, iqror qildirish usuliga qarshi chiqqan. O’lim jazosini umrbod qamoq bilan almashtirishni, tan jazosini umuman qo’llanmaslikni yoqlagan. Qonun hamma narsadan ustuvorligini, fuqarolar esa qonun va sud oldida tengligini ta’minlash zarur, deb hisoblagan. Har qanday jinoyat uchun tegishli jazoni muqarrar ravishda zudlik bilan ijro etish, Odil sudlovni chek tashlash yo’li bilan saylanadigan maslahatchilar tomonidan olib borish tarafdori bo’lgan. Bekkarianing «Jinoyat va jazo to’g’risida» asarida olg’a surilgan g’oyalar Yevropadagi ko’pchilik davlatlarning qonunlarida o’z aksini topgan.