BERTON

BERTON—kechki serhosil olxo’ri navi. Amerikadan keltirilgan. Daraxti o’rtacha kattalikda, balandligi 5-6 metr. Bargi teskari tuxumsimon, qalin, to’q yashil. O’zidan changlanadi. Mevasi yirik (40-60 gramm), to’q binafsha rangda. Eti tig’iz, xushxo’r, ta’mi nordonroq. Sug’oriladigan maydonlarda yaxshi hosil beradi. Ko’chati ekilgandan keyin 6-yili hosilga kiradi. Aprel o’rtalarida gullaydi, sentabrda pishadi. Tarkibida 11,5% qand bor. Tupi 60-150 kilogramm hosil beradi. Zararkunanda va kasalliklarga chidamli nav. O’zbekistonning hamma viloyatlarida ekiladi. Mevasi yangiligida yeyiladi, sharbatlar, jem, murabbo tayyorlanadi.