BESHIK

BESHIK—chaqaloqni belab va tebratib uxlatish uchun mo’ljallangan yo’rg’a oyoqli maxsus moslama. Asosan tut, tol va boshqa yog’ochdan yasaladi. Uzunligi 1-1,05 metr, balandligi 50 santimetrdan 60 santimetrgacha. Beshikning tuzilishi: to’rttadan sakkizta ustbozi (pombozi) va takbozi (girdbozi) bilan o’ralgan; bola yotishi uchun takbozilar ustiga yupqa taxtachalar o’rnatiladi (unda tuvak uchun maxsus joy ajratiladi). Beshikning ikki tomonidagi yarim doira shaklidagi yo’rg’a (oyoq)lariga uzunligi 1,2 metr, eni 8-10 santimetr bo’lgan egmoch (qosqon) o’rnatiladi, egmochga dasta biriktiriladi. Dastaning ikkala tomoniga qubbalar yasaladi. Bolaning bosh va oyoqlarini muhofaza qilish uchun egmochlarning ichiga boshlog’i va bag’alak cho’plar o’rnatiladi. Beshik naqshlar bilan bezatiladi yoki rangbarang bo’yoqlar bilan bo’yaladi, so’ng ba’zan lok surtiladi. Bolani belash uchun ip yoki shoyi matodan maxsus tikilgan abzallar (qovuz to’shakcha, taglik ko’rpacha, yostiqchalar, qo’lbog’lar, govrapo’sh, choyshab va boshqalar) ishlatiladi. Beshikda yotganda bolaning tagi quruq, toza turadi; Beshikning bir maromda tebranishiga ona allasining hamohangligi Beshikdagi bolaga yaxshi ta’sir etadi, uning tinch osuda uxlashini, ruhan sog’lom yaxshi rivojlanishini ta’minlaydi. Beshik qadimdan uzbek, tojik, turkman, qoraqalpoq, qirg’iz va boshqalar. Sharq xalqlari orasida keng tarqalgan. Qadimgi manbalarda, xususan «Devonu lug’otit turk» (11-asr) da tilga olingan.