BEZGAK CHIVINLARI

BEZGAK CHIVINLARI (Anopheles) -qon so’ruvchi chivinlar urug’i. 300 ga yaqin turi (O’zbekistonda 8 turi) ma’lum. 3 turi (A. sacharovi, A. superpictus, A. pulcherrimus) bezgak kasalligini keltirib chiqaradigan bezgak sporalisini tarqatuvchisi hisoblanadi. Tanasining uzunligi 6 — 8 millimetr. Bezgak chivinlari kun botishi bilan ucha boshlaydi, kunduzi qorong’i, salqin pana joylarga bekinib oladi. Bezgak chivinlari qo’nganida boshini pastga egib, qornini qo’ngan joyga nisbatan qiya burchak ostida ko’tarib turadi. Qurtlari esa tanasini gorizontal tutgan holda suvning sirtqi pardasi ostiga yopishib oladi. Bezgak chivinlarini ana shu holatiga ko’ra boshqa bezgak tarqatmaydigan chivinlardan oson farq qilish mumkin, erkagi o’simlik shirasi bilan oziqlanadi, urg’ochisining tuxumlari faqat qon so’rgandan so’ng rivojlana boshlaydi. Urg’ochi Bezgak chivinlari o’lja qidirib hatto shamol esayotgan tomonga, ba’zan bir necha km masofaga uchib borishi mumkin. Bezgak chivinlari yirik hayvonlar va odam qonini so’radi. Urg’ochi chivin o’z tana og’irligiga nisbatan ancha ko’proq qon so’radi. Suvga tuxum qo’yadi. Qurtlari suvni filtrlab oziqlanadi.