BIBISHAK

BIBISHAK («Bibi» va «shoh» so’zlaridan)—Sharq, jumladan, o’zbek ayollarining bezak buyumi; odatda, ayollarning bosh kiyimi (durra)ga— yakka holda peshona o’rtasiga, juft holda ikki chakkaga, ansambl holida yirik shaklda peshona va chakkalarga taqiladi. Bibishakning «Mohi tilla», «Ot tuyog’i» va boshqa mahalliy atamalari bor. Buxoro, Samarqand va boshqa joylarda qadimdan urf bo’lgan. Bibishak ikki uchi yuqoriga qayrilgan yarim oy shaklida bo’lib, o’rtasiga romb yoki g’uncha shakli joylashtiriladi yoki ba’zan kush gajaksimon ko’rinishga ega bo’ladi; qadimda, shuningdek Markaziy g’uncha yonida turgan qo’shaloq qush ko’rinishidagi shakl ham uchraydi. Unga tagidan shokilalar qatori osiladi; yuqorisida uchta kalta halqa zanjir o’zaro ilmoq (to’g’nog’ich)ga birlashtiriladi, uning yordamida taqinchoq bosh kiyimga mustahkamlanadi. Bibishak ikki xil usulda tayyorlanadi: yupqa tilla yoki tilla suvi yugurtirilgan kumush yaproqchaga bosma usulida handasiy naqshlar ishlanadi, ko’zlar qadaladi, shuningdek shabaka usulida panjarali ishlanib, teshiklari Feruza ko’zlar bilan to’ldiriladi. Shokilalar dur, la’l, shisha va boshqa marjon ko’zli qilib yasaladi.