BIDIYORSHUM
BIDIYORSHUM (taxallusi; asl ismi Muhammad Solih) (?, Qo’qon — 1842, Urumchi, Sharqiy Turkiston) — o’zbek xalq an’anaviy teatrining aktyori va og’zaki pesalar ijodkori. 18-asr oxiridan 19-asrning birinchi yarmigacha Qo’qon professional aktyorlar uyushmasi («Kasabai sozanda»)ning korfarmoni. Qadimgi o’zbek xalq teatri va aktyorlik san’ati rivojiga katta hissa qo’shgan. Og’zaki pyesalari va tomoshalarida kuchli ijtimoiy mavzuni ko’tarib jamiyatning ayrim illatlarini tanqid qilgan. «Mudarris», «Yer taqsimlash», «Cho’pon bola» pyesalarida o’tkir hajv vositasi bilan mehnatkash xalq manfaatini himoya qilgan. Bidiyorshum hajviy she’rlar ham yozgan. Qo’shiqlarga musiqa bastalash, raqslarni sahnalashtirish bilan ham shug’ullangan.