BIGNONIYADOSHLAR

BIGNONIYADOSHLAR (Bignoniaceae) — ikki pallali o’simliklar oilasi. Bignoniyadoshlarga daraxt, buta, chirmovuq, ba’zan o’tlar kiradi. Barglari qaramaqarshi, ba’zan navbatlashib joylashgan. Gullari ikki jinsli, yirik, zigomorf, ro’vaksimon to’pgullarga yig’ilgan. Mevasi har xil shaklli ko’sakcha. 120 tacha turkumi va 800 tacha turi ma’lum. Asosan, tropik va subtropik mamlakatlarda o’sadi. Uzoq Sharq va Markaziy Osiyoda bir qancha turi yovvoyi holda o’sadi. Katalpa degan turlari manzarali o’simlik sifatida o’stiriladi. Ba’zi turlaridan qimmatbaho yog’och olinadi.