BILAK

BILAK — qo’lning tirsakdan panjagacha qismi. Yuqoridan yelka suyagining pastki qismi yoki tirsak bo’g’imi, pastdan bilak panja bo’g’imi bilan chegaralangan. Bilak ikkita suyak (tirsak va bilak)dan iborat bo’lib, bo’g’imlar orqali o’zaro birikkan. Bu suyaklar orqa, old va ikki yon tomondan tirsak, bilakkaft va barmoq bo’g’imlarini bukuvchi hamda yozuvchi muskullar bilan o’ralgan. Yuzaroq muskullar yelka suyagidan, chuqur muskullar esa Bilakdagi ikki suyakning va ular orasidagi pardaning oldingi hamda orqa tomonidan boshlanadi. Tirsak suyagining pastki uchi va Bilak suyagining yuqori uchi yumaloq bo’lganligi uchun ularning ikkala uchida buraluvchi ikkita bo’g’im hosil bo’ladi. Shu tufayli Bilak ichkari va tashqari tomonga buriladi. Bilakda qon tomirlar, sezuvchi hamda harakatlantiruvchi nervlar bor.