«BIOEKOSAN»
«BIOEKOSAN», O’zbekiston yoshlarining «Bioekosan» o’quv-metodik majmuasi — O’zbekistonda uzluksiz ekologiya ta’limini amalga oshiradigan ta’lim-tarbiya muassasasi. Dastlab 1929 yil Samarqandda yosh tabiatshunoslar stansiyasi nomi bilan tashkil etilgan. 1994 yil dekabrdan ekologiya tabiatshunoslar markazi, 1995 yil avgustdan yuqoridagi nomda. «Bioekosan»ning asosiy makreli bog’cha bolalari, maktab o’quvchilari, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari, oliy o’quv yurtlari talabalariga biologiya, ekologiya, salomatlikdan ta’lim-tarbiya berish, iqtidorli bolalarni tanlab, ularni har tomonlama kamol topishlariga ko’maklashishdan iborat. Majmua tarkibida ekologiya ilmiy tadqiqot laboratoriya mavjud. Majmua respublikada uzluksiz ekologiya ta’limi muammolari va ularning yechimlariga bag’ishlangan ilmiy-metodik anjumanlarni uyushtiradi va o’tkazadi. Majmua xodimlari 1995 yildan Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 499 bolalar bog’chasi va 288 maktabda bog’cha-maktab tajriba maydoni tashkil etib, uzluksiz ekologiya ta’limi bo’yicha nazariy va amaliy tadqiqotlar olib boradilar. Majmua ekologiyadan davlat ta’limi standarti, uzluksiz ekologiya ta’limi kontsepsiyasi va uzluksiz ekologiya ta’limi bo’yicha metodik tavsiyanomalar yaratadi. Majmua 1994 yildan buyon «Tabiat: kecha, bugun, ertaga» mavzuida respublika o’quvchilarining ilmiy amaliy anjumanini o’tkazib keladi. Majmua respublika viloyatlaridagi ekologiya va tabiatshunoslar markazi ishini muvofiqlashtirib turadi va ularga ilmiy amaliy yordam ko’rsatadi.