BIOGEOGRAFIYA

BIOGEOGRAFIYA (bio… va geografiya) — tirik organizmlar (o’simlik, hayvonlar, zamburug’lar, mikroorganizmlar) jamoasi va ular komponentlari (tur, urug’, oila va boshqalar)ning Yer yuzida tarqalishi qonuniyatlarini o’rganuvchi fan. Biogeografiya biosfera haqidagi fanlardan bo’lib, unga zoogeografiya va botanik geografiya kiradi. Biogeografiyaning asosiy bo’limlari 18-asr oxiri va 19-asrning 1-yarmida Ekvatorial Afrika, Janubiy Amerika va Osiyoning flora hamda faunasini tadqiq qilgan ko’pdan-ko’p ekspeditsiyalar, shuningdek o’sha davrning naturalistlari, ayniqsa A. Gumboldt, A. Uolles va F. Skleter ishlari tufayli shakllana boshlagan. F. Skleter birinchilar qatorida quruqlik yuzasini rayonlashtiradi. Zamonaviy Biogeografiya organizmlar va biosenozlar geografiyasi muammolarini ishlab chiqadi. Masalan, arealogik Biogeografiya har xil turlar tarqalgan hududlarni aniqlaydi, ularning areal chegarasida tarqalishini o’rganadi, ana shular asosida ma’lumot va kadastr xaritalarini tuzadi. Regional Biogeografiya floristik va faunistik rayonlashtirish bilan shug’ullanadi. Hayvonlar va o’simliklar areallarini solishtirish hamda biotalarni ajratish va asosiy biomlarning taqsimlanishini tavsiflash asosida kompleks biogeografik rayonlashtirish sxemalari yaratiladi. Ekologik Biogeografiya geografik oblastlardagi jamoalar biomassasi, biologik mahsuldorligi va ular hayotida organizmlarning ahamiyatini o’rganadi. Tarixiy Biogeografiya Yerning o’tmishini jamoalar va ularni tashkil etuvchi organizmlarning tarkalishiga ta’sirini tekshiradi. Biogeografiya o’simlik qoplami va hayvonot dunyosi resurslarini muhofaza qilish hamda samarali foydalanish, madaniy fitosenozlar yaratish, hayvonlar va o’simliklarni iqlimlashtirish ishlarini amalga oshirish, kasallik tug’diruvchilar va ularni tashuvchilarga qarshi kurashning nazariy asosi hisoblanadi.