BIOINDIKATORLAR

BIOINDIKATORLAR (bio… va lotincha indico—ko’rsataman, aniqlayman)— soni yoki rivojlanish xususiyatlarining o’zgarishi orqali yashash muhitida sodir bo’layotgan tabiiy jarayonlar, sharoit yoki antropogen o’zgarishlardan darak beruvchi tirik organizmlar. Ko’pchilik organizmlar yashash muhiti omillari (tuproq, suv va atmosferaning kimyoviy tarkibi, ikdim va ob-havo sharoiti, boshqa organizmlarning bo’lishi va boshqalar) ga juda sezgir bo’lib, bu omillar muayyan, ko’pincha cheklangan chegarada o’zgargandagina hayot kechira oladi. Masalan, dengizda Baliqchi qushlarning to’planishi baliqlar to’dasi kelayotganligini ko’rsatadi. Maxsus plankton va bentos organizmlari esa suv massasi va oqimining paydo bo’lishi yoki suv havzasining sho’rlanganlik darajasi, harorati va boshqa xususiyatlarining ko’rsatkichi hisoblanadi. Lishayniklar va ayrim ninabarglilar atmosfera havosi, buloqchilar va bahorikorlar lichinkalari suv havzalari tozaligining Bioindikatorlar hisoblanadi. Tuproqda yashaydigan bir qancha mikroorganizmlar va o’simliklardan foydali qazilma boyliklarni qidirib topishda Bioindikatorlar sifatida foydalaniladi. Tuproq hayvonlari kompleksiga binoan tuproq tiplari va ularni odamning xo’jalik faoliyati ta’sirida o’zgarishini aniqlash mumkin. Bioindikatorlar yordamida substratda vitaminlar, antibiotiklar, gormonlar va boshqa biologik faol moddalar bo’lishini, har xil kimyoviy moddalar (rayon, tuzlar tarkibi va boshqalar) hamda fizik omillar (radioaktivlik va boshqalar) intensivligini baholash, shuningdek uzoq tarixiy jarayonlarni ta’riflab berish mumkin. Masalan, Qizilqum quduqlarida chig’anoqli bir xujayralilarning topilishi hoz. qumlik cho’l o’rnida qadimda dengiz bo’lganligidan darak beradi. Tabiiy muhitning ifloslanishi darajasini nazorat qilib borish (monitoring) Bioindikatorlardan foydalanishning eng muhim tomonlaridan biri hisoblanadi. Masalan, suvlar florasi va faunasi tarkibi, ulardagi ayrim turlarning miqdoriy ko’rsatkichlariga binoan suvlarning ifloslanish darajasi va xususiyatlari, ularni ichishga yoki xo’jalik maqsadlarida foydalanishga yaroqligi hamda tozalash inshootlarining samaradorligiga baho berish mumkin. Kosmonavtikada Bioindikatorlar yordamida kosmik fazoda tirik organizmning normal hayot kechirishiga yordam beradigan sistemalar sinab ko’riladi. Masalan, 1966 yil «Kosmos 110″da itlarni uchirish orqali Kosmosda uzoq uchish paytida organizmda sodir bo’ladigan o’zgarishlar va kosmik kema biologik sistemasi tekshirib ko’riddi. Bioindikatorlar orqali olingan ma’lumotlar kosmik uchish apparatlaridagi avtomatik sistemalarni insonning hayoti uchun qulayligini aniqlash va xavfli vaziyat paydo bo’lganida tegishli tadbirlarni ishlab chiqish imkonini beradi.