BIOKIMYO INSTITUTI

BIOKIMYO INSTITUTI, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi biokimyo instituti — ilmiy tadqiqot muassasasi, 1967 yil O’zbekiston Fanlar Akademiyasi O’lka meditsinasi institutining biokimyo laboratoriya bilan Zoologiya va parazitologiya institutining biokimyo va biofizika bo’limi negizida tashkil etilgan. Institutda olib boriladigan tadqiqotlar biologik sistemalar tuzilishining biokimyoviy asoslari va boshqaruvini o’rganish, tirik organizmlar faoliyatining biokimyoviy va molekulyar mexanizmlarini tadqiq etish; normal va patologik holatlarda hujayra membranasi va hujayra ichidagi biokimyoviy jarayonlarga gormonlar va boshqa biologik faol moddalar ta’sirini o’rganish, shuningdek ularning ta’sir mexanizmlaridagi yangi hodisalarni ochish; organizmda yod yetishmasligi hamda buqoq paydo bo’lishining biokimyoviy va molekulyar mexanizmlarini izlash, qandli diabetda glyukozaning hujayra ichiga o’tmaslik sabablarining molekulyar asoslarini topish va hujayra qobig’i tuzilishining ahamiyatini aniqlash, O’rta Osiyo ilonlaridan olinadigan zaharlar tarkibini o’rganish va ulardan kimyoviy sof biologik faol moddalar (fermentlar, toksinlar, turli peptidlar) ajratib olish hamda ularning tirik organizmlarga ta’sir etish jarayonlarini o’rganishdan iborat. Hujayra va sun’iy membranalarning o’zaro ta’sirini o’rganish asosida original liposomalar yaratish usuli ishlab chiqilgan. Liposomalar o’z tarkibidagi fiziologik faol moddalar — dori-darmonlarni belgilangan a’zolarga yetkazishni ta’minlaydi. Ularning bu xususiyati gen va membrane injeneriyasida qo’llaniladi. Bulardan tashqari, hayvon mahsulotlaridan ajratib olingan nerv o’stiruvchi omil — radioprotektorlarning fizik-kimyoviy xususiyatlari va ta’sir mexanizmlari ham o’rganilmoqda. Institutda 8 laboratoriya bo’lib, ularda 105 hodim, jumladan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi 3 akademigi (Yo. X. To’raqulov, J. H. Hamidov, T. Soatov), 14 fan doktori, 33 fan nomzodi faoliyat ko’rsatadi (2000). Institutda olib borilgan ilmiy ishlar hamda fundamental tadqiqotlar uchun institut olimlaridan bir guruhi Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo’lgan (1985, 1990, 1992).