BIOLOKATSIYA

BIOLOKATSIYA (bio…, Yunoncha locusjoy)—hayvonlarning ko’rish, eshitish, hid bilish va boshqa sezgi a’zolari yordamida atrof muhitni yoki begona individlar (o’lja, dushman)ni, ular turgan joy yoki ulargacha bo’lgan masofani aniqlash xususiyatlari. Biolokatsiya agar atrofdagi jismlar yoki tovush, hid, issiqlik, yorug’lik (biror narsadan aks etadigan)lokator hayvon tomonidan qabul qilinishi evaziga sodir bo’lsa, passiv Biolokatsiya; lokator hayvon tomonidan tarqatiladigan signallarni ob’yektdan aks etib qaytishi (akssado) orqali sodir bo’lsa, faol Biolokatsiya —exolokasiya deyiladi. Passiv Biolokatsiya hamma tirik organizmlarga xos bo’lib, hasharotlar va yapaloq qushlarda ayniqsa kuchli rivojlangan. Masalan, yapaloq qushlar (boyo’g’li va boshqalar) gorizontal hamda vertikal tekislikda lokatsiya qilganidan qorong’ida hatto harakatsiz sichqonni ham bemalol sezadi. Bu hol ko’r bo’lib qolgan yapaloqqushlarning ham yashashiga imkon beradi. Passiv Biolokatsiya populyatsiya ichidagi (juftlashish, bir jinsni ikkinchisi qidirib topishi), populyatsiyalararo biosenologik aloqalarda (dushmandan qochib qutilish, o’ljani tutish) katta ahamiyatga ega. Passiv Biolokatsiya tufayli tabiiy sharoitda sezgi a’zolaridan biri ikkinchisi o’rnini bosishi yoki to’ldirishi mumkin (masalan, g’irashira qorong’ilik, tuman, qalin o’tlar orasida). Passiv lokatsiyaning haroratni sezish orqali amalga oshadigan xili (termolokatsiya) qalqontumshuq va bo’g’ma ilonlarda rivojlangan. Ilonning ko’zlari bilan burun teshigi oralig’ida joylashgan chuqurchadagi termoreseptor haroratning hatto 0,00 gramm darajada o’zgarishini ham sezadi va shu orqali qorong’uda ham o’ljasini bemalol tutadi. Faol lokatsiya qilish qobiliyatiga ega bo’lgan hayvonlar hayoti pana joylar (g’orlar) yoki Suv havzalari bilan bog’liq (jarqaldirg’ochlar, guaxoro, ko’rshapalaklar, delfinlar, kitlar). Ayrim hayvonlar, baliqlar exolokatsiyaning elektromagnit turidan foydalanadi. Elektr skatining exolokastiyasi printsip jihatdan texnikada qo’llaniladigan radarlarga o’xshaydi. Biolokatsiyaning akustik xossalaridan foydalaniladigan turi sonarlarni eslatadi. Akustik signallar yordamida exolokatsiya ayrim qushlar (jarqaldirg’ochlar) va sut emizuvchilar (ko’rshapalaklar) uchun xos bo’lib, ular muhitga ultratovush tarqatib, ularning akssadosini kabul qiladi. Ko’rshapalaklar tarqatadigan tovush impulelarining davomiyligi 1-100 kgs va undan ham ortiq bo’ladi. Odam qulog’ining eshitish chegarasi esa 16— 2144 Gts ni tashkil etadi. Delfinlar va kitlar odatda qisqa davom etadigan akustik signallar tarqatadi.