BIOPTIKA

BIOPTIKA (bio… va Yunoncha optike — nur) — biologiyaning nur hosil bo’lishi va tarqalishi, uning turli moddalar bilan o’zaro ta’sirini tekshiradigan bo’limi. Bioptika organizmlarning yorug’lik nurini qabul qilish, undan ko’rish va mo’ljal olishda foydalanish bilan bog’liq bo’lgan hodisalarni o’rganadi. Yorug’lik nuridan ta’sirlanish va unga reaktsiya kursatish eng sodda organizmlardan tortib yuksak o’simliklar va hayvonlargacha bo’lgan xususiyatdir. Bioptika turlicha namoyon bo’ladi. Bir hujayralilarda yorug’lik qabul qiladigan maxsus organoid— xromatofor ham uchraydi. Yuksak tuzilgan hayvonlarning maxsus organi — ko’zi va nerv sistemasi yorug’likni qabul qilish bilan bir qatorda, jismlar tasvirini va ularga xos bo’lgan xususiyatlarni farqlab oladi. Ko’z turli organizmlarda turlicha tuzilgan. Hasharotlar va qisqichbaqasimonlarning ko’zlari ko’p sonli ommatidlar (ko’zachalar)dan tashkil topgan murakkab fasetkali xarakterga ega bo’lsa, boshoyoqli mollyuskalar va umurtqalilarda murakkab tuzilgan bo’lib, shox parda, ko’z gavhari singari optik elementlarga ega. Ko’z fotoreseptor sifatida farqlash chegarasi, akkomodasiya apparati, mutlaq sezgirligi va ranglarni farqlash xususiyatlariga ega. Bioptika ko’zlarning tuzilishi bilan bir qatorda ko’rish va farqlash faoliyati yordamida tur uchun xos bo’lgan signallar, ya’ni rang, turq-avtor, imo-ishora, mimika, ogohlantiruvchi va qo’rqituvchi holatlar; tana shakli, gul va mevalar rangini ifodalovchi signallarni qabul qilish mexanizmlarini ham o’rganadi. Ko’rish organining faoliyati va xossalari muhit sharoiti xususiyatiga (yoritilganlik, yoritilish intensivligi, nurning spektr tarkibi, muhitning tiniklik darajasi va boshqakar) bilan ham bog’liq.