BIOSENOLOGIYA
BIOSENOLOGIYA (biosenoz va …logiya) — ekologiya fanining bir bo’limi. Biosenozlarni tashkil etuvchi organizmlarning tarkibi, ularning o’zaro munosabatlarini o’rganadi. Biosenologiyaga oid tadqiqotlar dastlab gidrobiologiya sohasida olib borilgan, keyinchalik biologiyaning boshqa sohalari (zoologiya, botanika va boshqalar) ga tatbiq etila boshlagan. Chul, dasht, tog’ yaylovlari va o’rmonlaridagi o’simliklarni o’rganish fitosenoz, hayvonot dunyosi to’g’risidagi ishlar esa zoosenoz to’g’risidagi ta’limotning yaratilishiga olib keldi. Biosenologiya sohasida olib borilayotgan ishlar hayvonot va o’simliklar dunyosi ning tabiiy boyliklaridan unumli foydalanish, ularni muhofaza qilish va xilma-xilligini saqlab qolish bilan bog’liq muammolarni hal etishda katta ahamiyatga ega.