BIOSFERA

BIOSFERA (bio… va Yunoncha sphaira— shar) — yerning tirik organizmlar tarqalgan qobig’i. Biosferaning tarkibi va energetikasi undagi tirik organizmlarning faoliyati bilan bog’liq. Biosferani «hayot sohasi», yerning sirtqi qobig’i to’g’risidagi dastlabki fikrni Lamark bildirgan. «Biosfera» terminini esa fanga avstraliyalik geolog E. Zyuss (1875) kiritgan. Biosfera to’g’risidagi to’la-to’kis ta’limotni rus olimi V. I. Vernadskiy (1926) ishlab chiqqan. Biosfera atmosferaning ozon ekranigacha balandlikda bo’lgan qismi (20-25 kilometr), litosferaning sirtqi qismi va gidrosferani to’liq o’z ichiga oladi. Biosferaning quyi chegarasi quruqlikda 2-3 kilometr, okean tubida 1-2 kilometr chuqurlikkacha boradi. Yerdagi hayot murakkab va xilmaxil organizmlar kompleksidan iborat. Tirik organizmlar va ular yashaydigan muhit o’zaro chambarchas bog’langan bir butun dinamik sistema—biogeosenozlarni hosil qiladi. Yerda hayotning rivojlanishi davomida organizmlarning bir guruhi ikkinchisining o’rnini olib turgan bo’lsada, u yoki bu geokimyoviy funktsiyalarni bajarib turadigan organizmlar nisbati o’zgarmasdan qolgan. Shu tufayli turli geologik davrlarda moddalar bir xil tezlikda yer qobig’ida to’planib borgan. Shunday qilib, tirik organizmlar hayotning muhim sharti bo’lgan anorganik muhitning doimiyligi (gomeostaz holati)ni saqlab turadi. Inson faoliyati yer yuzini tubdan o’zgartirishga qodir bo’lgan hozirgi davrda Biosferaning rivojlanishi yangi pog’onaga ko’tarildi. So’nggi yillarda insonning Biosferaga biokimyoviy ta’siri boshqa barcha tirik organizmlarga nisbatan juda katta kuchga aylandi. Lekin tabiiy resurslardan foydalanishni Biosferaning rivojlanishi va funktsiyasi qonuniyatlarini nazarpisand qilmasdan amalga oshirilishi (masalan, o’rmonlarning kesilishi, yerlarning o’zlashtirilishi, shaharlar, zavod, fabrikalar, sun’iy suv havzalari, yo’llar qurilishi va boshqalar) Biosferadagi biokimyoviy jarayonlarga katta ta’sir o’tkazmoqda. Yer osti boyliklarini qazib olib, juda kup miqdorda yoqilg’i yoqilishi moddalar almashinuvini tezlashtirib, Biosfera tarkibi va uning gomeostaz holatiga ta’sir ko’rsatadi. Shu tufayli Biosferani bir butun, muayyan darajada tartibga solingan murakkab dinamik sistema deb qaralishi unda kechadigan jarayonlarni to’g’ri tushunib olishga yordam beradi. Biosfera to’g’risidagi ta’limot ekologiya, biosenologiya va boshqa fanlarning rivojlanishida, tabiat va jamiyatning rivojlanishi bilan bog’liq bo’lgan juda ko’p o’ta murakkab muammolarni hal etishda katta ahamiyatta ega. Ad.: Vernadskiy V. I., Biosfera, M., 1967; Otaboev Sh. T., Nabiev Ch. N., Inson va biosfera, T., 1983; biosfera. Evolyutsiya, prostranstvo, vremya, M., 1988.