BIOTELEMETRIYA

BIOTELEMETRIYA, biologik telemetriya (bio…, tele… va …metriya) — biologik hodisalarni tadqiq etish va biologik ko’rsatkichlarni (masalan, kosmonavtlar, sportchilarning tomir urishi, qon bosimi, haroratini) masofadan turib o’lchash va tekshirish usullari majmui. Biotelemetriya tekshirishlarni olis masofadan turib ham (masalan, kosmik uchishlarda) yoki o’rganiladigan ob’ektning harakati paytida (masalan, sport musobaqalari yoki mehnat faoliyati paytida) o’tkazish imkonini beradi. Biotelemetriyada o’rganilayotgan ob’ektga (odam va hayvonga) maxsus datchiklar o’rnatiladi; ulardan chiqayotgan signallar aloqa kanallari orqali qabul punktiga uzatiladi va u yerda qayd etiladi. Tadqiq etilayotgan jarayon elektrik jarayon bo’lmasa (masalan, yurakning urishi), u elektr signallariga aylantiriladi. Kosmik kemada uchayotgan odam va hayvon organizmining holatini kuzatish kosmik Biotelemetriya deyiladi. Biotelemetriyada o’ta mitti radiouzatgichlar yordamida ichki organlarda bo’layotgan jarayonlarni o’rganish va ularni davolash mumkin. Buning uchun maxsus datchiklar (radiokapsulalar, elektrodlar) ichki a’zolar yoki to’qimalarga kiritiladi. Biotelemetriya vositasida hayvonlarning xulq-atvorini har xil sharoitda, masalan, qushlar uchayotganida ham o’rganish mumkin. Biotelemetriya kosmik biologiya va kosmik tibbiyot, mehnat va sport fiziologiyasida muhim ahamiyatga ega.