BIOTEXNIYA
BIOTEXNIYA, biotexnika — tabiiy sharoitda hayvonlarni ko’paytirish va mahsuldorligini oshirish hamda ularni himoya qilish tadbirlarini ishlab chiqish bilan shug’ullanadigan ovchilik sohasi. Biotexniya ovlanadigan hayvonlar zaxirasini ko’paytirish, oziq bazasini yaxshilash, ya’ni ovchilik maskanlari va suv havzalariga ozuqabop ekinlar ekish, hayvonlarni qo’shimcha oziqlantirish va muhofaza qilish; ularning inuya qurishi uchun zarur bo’ladigan daraxt, buta va baland bo’yli o’simliklarni ekish; tinch va xilvat joylar tashkil etish; hayvonlar uchun in qazib qo’yish; zararkunanda yirtqichlarni yo’qotish; kasal hayvonlarni davolash; boshqa joylardan noyob va qimmatbaho hayvonlarni ko’chirib keltirib iqlimlashtirish kabi tadbirlarni amalga oshirishdan iborat. Ovlanadigan hayvonlarning mahsuldorligini oshirish, mo’ynali hayvonlar mo’ynasining sifatini yaxshilash, ovlanadigan baliqlarni yiriklashtirish maqsadida olib boriladigan selektsiya ishlari ham Biotexniya vazifalariga kiradi.