BIOTIK OMILLAR

BIOTIK OMILLAR, muhitning biotik omillari — bir yoki har xil turga mansub o’simlik, hayvon va mikroorganizmlar hayot faoliyatining organizmlarga ta’siri majmui. Ayniqsa biosenoz organizmlari orasidagi munosabatlar juda yaqindan bo’ladi. Biotik omillar har xil turdagi tirik organizmlarning o’zaro ta’siridan iboratligi bilan muhitning abiotik omimarchdan farq qiladi. Organizmlarning o’zaro munosabatlari juda ham xilma-xil. Tirik mavjudotlar boshqa organizmlar uchun oziq manbai bo’lishi (o’t o’simliklar o’txo’r hayvonlar uchun oziq hisoblanadi, o’txo’r hayvonlarni esa yirtqich hayvonlar yeydi), ularning ko’payishiga imkon yaratishi (o’simliklarni changlovchi hasharotlar faoliyati), yashash muhiti bo’lib xizmat qilishi mumkin (masalan, g’o’zaning xavfli kasalligi—viltni hosil qiluvchi patogen zamburug’uchun g’o’za xo’jayin o’simlikdir). Raqobat, simbioz (birgalikda yashash) va boshqalar ham organizmlar orasidagi munosabatlarga kiradi. Ehtiyojlari bir-biriga o’xshash organizmlar orasida, masalan, agar o’simliklarning yorug’lik, namlik va muhitning boshqa sharoitlariga nisbatan talabi bir xil bo’lsa, raqobat paydo bo’ladi. Simbioz hayvonlar, o’simlik, mikroorganizmlar orasida keng tarqalgan. Masalan, dukkakli o’simliklar (beda va boshqalar) azot hosil qiluvchi bakteriyalar bilan birgalikda yashaydi, bu bakteriyalar o’simliklar hayoti uchun zarur bo’lgan uglevodlar va boshqa organik moddalarni o’simliklar ildizidan oladi. Biotik omillar har doim muhitning abiotik omillari ta’siriga uchraydi va o’z navbatida unga faol ta’sir etib, uni o’zgartirib boradi. Abdukarim Zikiryoyev.