BIR AKTYOR TEATRI
BIR AKTYOR TEATRI — badiiy o’qish turi. Ijrochining bir o’zi butun bir afsona, rivoyat, doston, hajviya, monolog va boshqalarni hikoya qiladi va gavdalantiradi. Bir aktyor teatri qadim zamonlarda shakllangan va asrlar davomida takomillashib borgan. Yunonistonda ularni mim deb ataganlar. O’rta Sharq mamlakatlarida bunday teatr rivojlangan va rasm bo’lgan, o’rta asrlarda esa ma’lum darajada Islom dini va tasavvuf bilan bog’lanib ketgan. Xuroson, Movarounnahr, Xorazmda bunday ijrochilar mukallid, qissaxon, go’yanda, voiz, maddoh deb yuritilgan. Malakali xalq aktyorlari — masxarabozlar ham ba’zan yakka holda tomosha ko’rsatganlar. Ko’pgina xonlar, beklar, lashkarboshilar, shahzodalarning xos qissago’ylari va masxaralari bo’lgan. Buxoro amirligida masxaralar voqealarni chiroyli va kulgili qilib hikoya qilishgan bo’lsa, Xiva xonligida bunday sarguzashtlarni musiqa, raqs, muallaq unsurlari bilan aralashtirib gavdalantirishgan, Qo’qon xonligidagi qiziqchilar esa kulgihikoya janrini kashf etib, unda yuksak mahorat ko’rsatishgan. 20-asrda ham mazkur san’at an’analari ma’lum darajada saqlanib qoldi. Yevropa uslubidagi o’zbek teatr sahnasida ham Bir aktyor teatrini tuzish bo’yicha urinishlar bo’ldi. Ammo bu janr ko’proq radio va televideniyeda yaxshi rivoj topdi. Muhsinhamidov, Sharifqayumov, Razzoq Hamroyev, Hamza Umarov kabi atoqli aktyorlar O’zbekiston radiosida Bir aktyor teatri janrida hikoya, qissa, doston va hatto romanlarni ijro etganlar. Televideniyedagi miniatyuralar teatrida ham bir kishi ijro etadigan hajviya, monolog va hikoyalar ko’p ishlatiladi. Bu sohada Hasan Yo’ldoshev katta ijro mahoratiga erishgan edi. Qiziqchilardan Muhiddin Darveshov, Hojiboy Tojiboyev, Mirzabek Xolmedov va boshqalarning chiqishlarini Bir aktyor teatri deb atash mumkin. Muhsin Qodirov.