BISTOMIY

BISTOMIY, Boyazid Tayfur binni Iso Bistomiy (?— Vistom shahri (Eron)— 875) — fors sufiylik oqimining asoschilaridan biri. Tayfuriya sufiylik tariqatining piri. Uning bobosi Islomni qabul qilgan zardushtiylardan bo’lgan, butun umrini asosan Bistomda o’tkazgan. Vafotidan keyin uni Sulton alorifin laqabi bilan atay boshladilar. Bistomiy ta’limotiga ko’ra, inson zikr holatida o’zligini unutadi (g’alaba) va Xudo ishqidan mast bo’lib (sukr) butun vujudini his-tuyg’u qamrab oladi, pirovardida u Xudo bilan butunlay qo’shilib ketadi. Bunday holatni u fano (mavjudlikni yo’qotish) deb atadi va musulmon tarki dunyochiligining muhim ahamiyatli holati bo’lgan «Sen mendirsan, men esa sendirman» iborasining ta’rifini berdi. Buning ma’nosi shundaki, go’yo shaxs o’zligini tark etib, ilohiylikka singib ketadi va uning sifatlarini qabul qiladi, ilohiylik esa shaxsiyatga aylanadi. Bunday xulosa an’anaviy Islom tarafdorlarining ashaddiy qarshidigiga uchradi va uni xulul (xudolik da’vosini qilish)da aybladilar. Bistomiy tasavvufning ayrim tushunchalarini ishlab chiqqan bo’lsa ham, o’zining bir butun ilohiy tazimdagi ta’limotini yaratmadi. U ilohiy (lohut) va insoniy (nosut) ruhni bir-biriga biriktirishga harakat qildi, ya’ni ma’naviy va moddiy ibtidoni birbiriga qo’shishga intiddi. Bistomiy o’zidan asar qoldirmagan. Uning ibratli gaplari, nasihatlarini mulozimlari yozib olishgan. Ayrim tasavvuf kishilari Bistomiy obro’yidan foydalanib o’zlarining shariatga unchalik to’g’ri kelmaydigan fikrlarini Bistomiy fikri deb ko’rsatishga uringanlar.