BIYA

BIYA, baytal — voyaga yetgan urg’ochi ot. Ayg’irdan alohida saqlanadi. Biya 3 yoshidan (g’unanlik davridan) to 20— 25, ba’zan undan ham katta yoshgacha qochiriladi. Bo’g’ozlik davri o’rtacha 11 oy. Biyadan sog’lom qulun olish uchun butun bo’g’ozlik davrida qaltis harakatlardan, shamollashdan ehtiyot qilinadi, og’ir yuk tashishda ishlatilmaydi, toliqishiga yo’l qo’yilmaydi. Qulunini 6— 9 oy emizadi. Bir sutkada 15 l gacha (ayrim sersut zotlari 25 l gacha) sut beradi.

BIYA — Oltoy o’lkasidagi daryo, Ob daryosining eng yirik o’ng irmog’i; Teles ko’lidan boshlanadi. Uzunligi 301 kilometr, havzasining maydoni 37 ming kilometr kvadrat. Biyaning yuqori qismi tog’lar orasidan, o’rta qismi sertepa yerlardan, quyi qismi Lebed (o’ng) irmog’i quyilgach, keng vodiydan oqadi. Biya ko’proq qor va yomg’ir suvlaridan to’yinadi. O’rtacha yillik suv sarfi Biysk shahri yonida 477 m3/sek. Noyabrdan aprelgacha muzlaydi. Biya quyilish joyidan 225 kilometr masofada kema qatnaydi. Yog’och oqiziladi.