BIZG’ALDOQ

BIZG’ALDOQ (Tetrax tetrax) — turnasimonlar turkumi tuvaloqlar oilasiga mansub qush. Og’irligi 1 kilogrammgacha, kattaligi tovuqdek keladi. Yevropa, Osiyo va shimoliy Afrika dashtlarida, ba’zan qumli cho’llarida yashaydi, uyasini ham shu yerlarga quradi. Qishlash uchun kuzda O’rta Osiyodan issiq mamlakatlarga uchib ketadi. Qishi uncha sovuq bo’lmaydigan Janub o’lkalarda yashaydi. Bizg’aldoq ko’pincha 3 — 5, ba’zan 7 — 8 va, hatto, 11 tagacha tuxum qo’yadi. Tuxumini urg’ochisi bosadi, erkagi esa jo’jalari uchirma bo’lguncha ularni boqishda qatnashadi. Bahor, kuz va qishda o’tlar, yozda esa hasharotlar bilan oziqlanadi. Go’shti juda mazali. Soni kamayib ketganligidan Bizg’aldoqni ovlash taqiqlangan. Bir qancha mamlakatlarning Qizil kitobiga kiritilgan.