BIZNES INKUBATOR

BIZNES INKUBATOR — kichik va o’rta biznesni yuritish malakalari berish va tadbirkorlik madaniyatini tarbiyalash bilan shug’ullanadigan ixtisoslashgan muassasa. Biznes inkubator, asosan, xo’jalik yurituvchi sub’yektlarga dastlabki faoliyatida bozor iqtisodiyoti bo’yicha zarur bilimlarni o’rgatish, biznes reja tuzish, mablag’lar topish, har xil grantlar olishda ko’maklashish, tadbirkorlik g’oyalarini amaliy loyihalarga aylantirish va joriy etish, shuningdek kichik va o’rta korxonalarga menejment va marketing xizmatlari, tashkiliy, texnikaviy, iqtisodiy yo’sindagi xizmatlar ko’rsatish kabi vazifalarni bajaradi. Biznes inkubator tadbirkorlik malakalarini rivojlantirish va mahalliy ishbilarmonlarni, shu jumladan yoshlar, ayollar va aholining boshqa guruhlarini xalq xo’jaligiga jalb etishni kuchaytirish muammolarini yechishga xizmat ko’rsatadi. Biznes inkubator faoliyat turiga ko’ra korxona inkubatorlari, tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash markazlari, innovatsiya va menejment markazlariga bo’linadi. Dastlabki Biznes inkubatorlar 20-asrning 70 -80 yillarida AQSh da paydo bo’ldi. Keyinchalik jahondagi boshqa mamlakatlarda ham keng tarqala boshladi. Hozirgi paytda dunyo bo’yicha 2000 dan ortiq yirik Biznes inkubatorlar ish olib boradi. O’zbekistonda birinchi Biznes inkubator 1995 yilda BMTning YuNIDO tashkiloti va O’zbekiston Respublikasi Davlat mulk qo’mitasining hamkorlikdagi «O’zbekistonda biznes inkubatorlar tarmog’ini shakllantirish va rivojlantirish» loyihasi asosida tashkil etildi. Respublikada jami 25 Biznes inkubator mavjud bo’lib, ular yirik shaharlar va viloyat markazlarida faoliyat ko’rsatmoqda, bir yildsa 5 mingdan ziyod kishi o’qitildan (2001). Alisher Sobirov.