BIZON

BIZON — juft tuyoqlilar turkumining quvushshoxlilar oilasi zubrlar urug’iga mansub yovvoyi qoramol zoti. Bizonning vatani — shimoliy Amerika (keyinchalik Yevropaga tarqalgan). Amerika va Yevropa Bizonlariga bo’linadi. Bizon yirik hayvon bo’lib, buqalarining tanasi uzunligi 3 metr, bo’yi 1,8 metr, og’irligi 720 kilogrammga yetadi. Gavdasi yo’g’on, yelkasida kichikroq o’rkachi bor. Boshi va tanasining oldingi qismi qo’ng’ir tusli. Urg’ochilari nisbatan kichikroq. Hidlov va eshituv organlari yaxshi rivojlangan. Yevropaliklar kelgunicha butun Amerika qitasida, Kanadaning shimoliy g’arbiy va Markaziy qismidan Janubga — Meksikaning Markaziy qismigacha bo’lgan maydonlarda tarqalgan, cho’l va o’rmoncho’l mintaqasida hayot kechirgan edi. Ko’p ovlanishi natijasida 19-asrga kelib deyarli qirilib ketgan. Muhofaza tadbirlari natijasida AQSh va Kanada qo’riqxonalaridagi Bizon soni bir necha o’n mingga yetdi. Bizonni zubrlar bilan chatishtirib zubrbizon olingan, yaxshi go’sht va teri beradigan duragaylar yetishtirilgan. Bizon AQSh, Kanada (Vudbaffalo) va Yevropa (Askaniya Nova) qo’riqxonalarida saqlangan.