BLAGOVESHCHENSK

BLAGOVESHCHENSK — Rossiya Federatsiyasidagi shahar (1858 yildan), Amur viloyatining ma’muriy markazi. Temir yo’l stantsiyasi. Zeya daryosining Amur daryosiga quyilish yeridagi port. Aholisi 241 ming kishidan (1999). Blagoveshchensk 1856 yilda Ustzeyskiy nomi bilan harbiy post sifatida vujudga kelgan. Mashinasozlik (konruda va oltin qazib olish sanoati uchun jihozlar, elektr asboblari ishlab chiqariladi, kemasozlik zavodlari va boshqa zavodlar), yog’ochsozlik, yengil, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. 4 oliy o’quv yurti, drama va qo’g’irchoq teatrlari, o’lkashunoslik muzeyi mavjud.