BLASTOMERLAR
BLASTOMERLAR (blasto… va Yunoncha meros — bo’lak) — ko’p hujayrali hayvonlarda urug’langan tuxum hujayralarning bo’linib, maydalanish jarayonida hosil bo’ladigan hujayralar. Bo’linish davrlari oralig’ida Blastomerlar o’smaganligi sababli har bir bo’linishdan so’ng ular ikki marta kichrayadi. Telolesital (tsitoplazmasida sariq moddasi notekis tarqalgan) tuxum hujayralar maydalanganida katta Blastomerlar — makromerlar va kichik Blastomerlar — mikromerlar hosil bo’ladi. Gomolesital (tsitoplazmasida sariq moddasi bir tekis tarqalgan) tuxum hujayralar bo’linib maydalanish jarayonida bir xil kattalikdagi Blastomerlar vujudga keladi. Sirtqi qavatda joylashgan Blastomerlar yassilanganidan keyin tuxum hujayra maydalanishning so’nggi bosqichi — blastula hosil bo’lishiga o’tadi.