BLASTOMIKOZ
BLASTOMIKOZ — hayvonlarning teri va ichki organlarida uchraydigan surunkali kasallik. Asosan, itlar, ba’zan otlarda uchraydi, odamga ham yuqishi mumkin. Kasallikni achitqi zamburug’lari (Blastomyces dermatitidis) paydo qiladi. Zamburug’, asosan hayvonning so’lagi, yiringi orqali tarqaladi. Blastomikoz bilan kasallangan hayvonlar, shuningdek bemorlar terisida va teri ostida qizil dog’ va pufakchalar, yara va shishlar paydo bo’ladi, hayvonlarda o’pka, suyak, bo’g’im, miya va boshqa organlar ham shikastlanadi, nafas qisadi, ishtaha bo’giladi, hayvon oriqlaydi. Kasallik klinik belgilarga, teri va boshqa organlarda ro’y bergan o’zgarishlar tabiatiga va mikroskopda tekshirish natijalariga qarab aniqlanadi. Kasallik tarqalishining oldini olish uchun sanitariya-gigiena qoidalariga qat’iy amal qilish, kasal hayvonni yo’qotish, xonalarni dezinfektsiya qilish zarur.